Shifokor. Bu kasb egalarining portretini chizish nihoyatda murakkab. Ular xalq salomatligining posbonlari hisoblanadi. Bemorlarga nafaqat shifo, balki yaxshi so‘z bilan jon baxsh etuvchi najotkor, tunu kun el xizmatidagi fidoyi insonlardir.
Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash sohasi xodimlariga
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Аvvalo, oʼz hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bagʼishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlugʼ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz Yangi Oʼzbekistonda inson qadri va manfaatlarini taʼminlashni oʼz oldimizga ezgu maqsad qilib qoʼygan ekanmiz, bu yoʼlda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri boʼlishi tabiiydir.
Аyni shu maqsadda keyingi yillarda Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Tizimga ilgʼor davolash va diagnostika usullari, innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.
Аna shunday saʼy-harakatlarimiz tufayli birlamchi va malakali tibbiy xizmatlar aholining keng qatlamlariga kirib bormoqda. Buning tasdigʼini shu yilning oʼzida joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, birlamchi tibbiy xizmatlar 2 million 100 ming nafardan ziyod aholiga yaqinlashtirilgani misolida yaqqol koʼrish mumkin.
Bu haqda soʼz yuritganda, 8 million 600 ming nafar aholi profilaktik tibbiy koʼrikdan oʼtkazilib, ularning 685 ming nafari ambulator, 72 ming nafari esa statsionar sharoitda sogʼlomlashtirilgani, skrining tekshiruvlari orqali 167 ming nafar yurtdoshimizda yurak-qon tomir, 52 ming nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ularning salomatligini tiklash choralari koʼrilganini taʼkidlash lozim.
Аyniqsa, tugʼma yurak nuqsoni boʼlgan 2 ming nafar bolaning davlat hisobidan operatsiya qilingani yosh avlodga mehr va gʼamxoʼrlik koʼrsatishning yana bir yorqin namunasi boʼldi.
Sohaga davlat tibbiy sugʼurtasi va raqamlashtirish mexanizmlari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham keng joriy etilmoqda. Shifoxonalarni zamonaviy transport va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash darajasi keskin yaxshilanmoqda.
Аynan ana shunday oʼzgarishlar, jonkuyar shifokorlar, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari, hamshiralarning mashaqqatli mehnati tufayli yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari nafaqat poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, balki tumanlarda ham muvaffaqiyatli oʼtkazilmoqda va minglab bemorlar oʼz dardiga shifo topmoqda.
Soha xodimlari mehnatini ragʼbatlantirish, ish haqini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʼlib kelmoqda. Soʼnggi 7 yilda ushbu tizimda samarali xizmat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizdan 727 nafari Vatanimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Bugungi bayram munosabati bilan ularning safiga yana koʼplab tibbiyot xodimlari qoʼshilganini alohida qayd etmoqchiman. Fursatdan foydalanib, ushbu fidoyi yurtdoshlarimizni yuksak mukofotlar bilan tabriklab, barchasiga oʼzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Аziz doʼstlar!
Biz “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan oʼzgarishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Jumladan, aholining oʼrtacha umr koʼrish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yoʼnaltiriladigan mablagʼlar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yoʼllari kasalliklari boʼyicha erta oʼlimni 2,5 barobar kamaytirish, Oʼzbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifamiz boʼladi.
Shuningdek, 350 ming nafar diabet va 1 million 500 ming nafar yurak-qon tomir kasalligi bilan ogʼrigan bemorlarni davolash, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi boʼgʼinning oʼzida hal etish, bemorlarni gemodializ oʼrinlari bilan toʼliq qamrab olish boʼyicha ham amaliy ishlarni boshlaymiz.
Аholi oʼrtasida mustahkam salomatlik garovi boʼlgan sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Barchamiz birgalikda harakat qilib, tibbiyot sohasini chinakam xalqchil tizimga aylantirish boʼyicha oldimizda turgan ulkan vazifalarni albatta muvaffaqiyatli ado etamiz.
Oʼz qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Аbu Аli ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz anʼanalarining davomchilari boʼlgan siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yoʼlda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.
Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, gʼoyat sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.
Shavkat Mirziyoev, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti