Giyohvandlik – XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. O‘rta asrlarda insoniyat hayotiga jiddiy xavf solgan vabo va o‘lat kabi ofatlar bugungi sivilizatsiya zamoniga kelib o‘z o‘rnini giyohvandlik illatiga bo‘shatib berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Sog‘lom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu ko‘chaga kirib qolsa, o‘zining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Giyohvand kishi nafaqat o‘ziga, balki yaqinlariga ham to‘xtovsiz azob beradi. Undan tug‘ilajak farzandlar esa ota-onasining xatosi oqibatida bir umrga majruhlik qismatiga mubtalo bo‘ladilar. Zero, faqat sog‘lom ota-onadangina sog‘lom zurriyod dunyoga keladi. Sog‘lom bola esa farovon kelajak demakdir. Ba’zan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini ko‘rib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuyg‘ularining uyg‘onishi tabiiy. Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni qappaymoqda. Odam qiyofasidagi bunday maxluqlarning qora og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib bo‘lmaydi, albatta. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi. Shu bilan birga, jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rasuli Akram s.a.v. bizlarni bunday illatlarga nisbatan qanday yo‘l tutmoqligimizni barchamizga buyurib shunday deydilar:“Sizdan kim yomon – munkar qaytarilgan ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, dili bilan, ana o‘sha iymonning zaifligidandir”
Demak, o‘zining dini va Vatani uchun qayg‘uradigan har bir musulmon, o‘zini iymonli deb hisoblaydigan har bir mo‘min bu yuklatilgan burchni to‘laligicha bajarishi lozim. Chunki bu avvalo Alloh va uning Payg‘ambarining amri so‘ngra o‘z xalqi uchun g‘amxo‘rlikdir!
Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgan kimsalar ozmi? Qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson o‘zi kurashmog‘i, tashqi ta’sirlardan himoyalanmog‘i lozim.Sog‘lom avlod o‘tmishi qadim, tuprog‘i oltin, osmoni musaffo O‘zbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sog‘lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o‘pqoni ularni o‘ziga jalb qila olmasin.
GIYOHVANDLIK VOSITALARI
Giyohvandlik vositalari – maxsus ro‘yxatga kiritilgan va davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlikni keltirib chiqaruvchi sintetik vosita (preparat)lar va o‘simliklar. Giyohvandlik vositalari ro‘yxati BMTning 1988 y. gi «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi kovensiyasida, shuningdek, giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining qaroriga (1995 y. 1 apr.) 1-sonli ilovada berilgan. Bu moddalar sirasiga marixuana, nasha, kannabis smolasi, nasha moyi, qoradori, morfiy, geroin, kodein, efedron, kokain va boshqa(lar) kiradi. Giyohvandlik vositalaridan tibbiy maqsadlarda foydalanilganda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibga qat’iy rioya etilishi kerak. Ular bilan erkin muomala qilish taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining 1999 y. 19 avg. dagi «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida» gi qonuniga binoan, ularni veterinariya, ilmiy va o‘quv maqsadlarida, ekspertlik faoliyatida, jismoniy shaxslarga berish va boshqa(lar) maqsadlarda muomalada bo‘lish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, oz miqdorda, g‘ayriqonuniy tarzda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan (O‘zR MJK, 56-modda). O‘zbekiston Respublikasi JKda tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekinlarni ekish yoki yetishtirish (270-modda), qonunga xilof ravishda egallash (271-modda), o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish (273-modda), giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga jalb etish (274-modda), ularni i. ch. yoki foydalanish qoidalarini buzish (275-modda), o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa(lar) harakatlar (276-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. «Giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklarni ekish» deyilganda ularning urug‘ini maxsus tayyorlangan yerga sepish yoki ko‘chatini o‘tkazish tushuniladi va shu harakatlarning o‘zi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. «Giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish» deyilganda har qanday yerda ekilgan yoki o‘zi o‘yib chiqib, o‘sib yotgan shunday o‘simliklarni parvarish qilish (sug‘orish, chopish, o‘g‘it berish va h. k.) tushuniladi. «G. v. ni qonunga xilof ravishda egallash» deyilganda ularni o‘g‘rilik, firibgarlik, o‘zlashtirish, talonchilik, mansabni suiiste’mol etish, tovlamachilik, bosqinchilik kabi yo‘llar bilan egallash tushuniladi. Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlagan, olgan, saklagan, tashigan shaxs, agar shunday harakatni birinchi marta sodir etgan bo‘lsa va ular miqdori ko‘p bo‘lmasa, o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olib kelib, giyohvandlik vositalarini topshirsa, jazodan ozod qilinadi (273-modda). Bu moddalarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga yo‘l ko‘ygan yuridik shaxs sudning qaroriga binoan tugatilishi mumkin.
Giyohvandlik vositalari ishlab chiqarish va ular bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish og‘ir jinoyatchilikka jinoiy biznesni keltirib chiqaradi.