Mustaqillik bayrami – mustaqillik kunini nishonlash. mustaqillik bayrami har bir xalqning azaliy va muqaddas orzusi. Shuning uchun mustaqillik bayrami kuni barcha ozod, erkin, tenglar ichida teng boʻlib, jahon hamjamiyatida oʻz qonuniy oʻrniga ega boʻlgan xalqlar tomonidan eng ulugʻ milliy bayram sifatida nishonlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi 1991-yil 31-avgustda oʻz davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi. 1-sentyabr Mustaqillik kuni – mustaqillik bayrami deb eʼlon qilindi. Bugun u Oʻzbekistonda eng muqaddas, eng ulugʻ milliy bayram. Mustaqillik bayrami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Bayram kunlari xaqida”gi qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 131-moddasiga muvofiq mamlakatimiz hududida nishonlanadigan bayram (dam olish) kunlari qatoridan oʻrin oldi. Mustaqillik bayrami butun xalqimiz tomonidan katta xursandchilik va koʻtarinki ruh bilan keng nishonlanadi. Ayni shu kuni erishilgan yutuqlar sarhisob qilinadi, kelajak sari dadil odimlar belgilanadi, davlatimizning oliy mukofotlari topshiriladi.

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.